Rasmiy tashrif doirasida 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Rasmiy tashrif doirasida 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vengriyaga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Gellert Yaszai bilan xalqaro biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiya hamda texnologik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, axborot texnologiyalari, raqamli infratuzilma, xususiylashtrish va muqobil energiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.
4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi IT tizimlarini integratsiya qilish, raqamli infratuzilma, telekommunikatsiyalar, mudofaa va kosmos loyihalari haqida batafsil maʼlumot berdi.
Maʼlumot uchun: Kompaniya Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlarida faoliyat yuritadi va Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bozoriga alohida qiziqish bildirmoqda. Uning tarkibiga Mobile.uz va UzCosmos kabi qo‘shma loyihalar ham kiradi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, sanoatni modernizatsiya qilish va xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish haqida maʼlumot berildi. Boshqaruv kengashi raisi O‘zbekiston bozori siyosiy va huquqiy jihatdan barqaror va istiqbolli ekanini, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va yosh aholi biznes rivojlanishi uchun katta salohiyat yaratayotganini taʼkidladi.
Qo‘shma investitsiya va IT loyihalari, raqamli infratuzilma, Mobile.uz va raqamli xizmatlar platformalarini rivojlantirish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari faoliyati hamda masofadan Yerni zondlash va sunʼiy yo‘ldosh kuzatuvi loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida har bir yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni davom ettirish va axborot almashuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.