Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz qimmatlashuvini import o‘sishi bilan bog‘ladi
Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz qimmatlashuvini import o‘sishi bilan bog‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi O‘zbekiston ichki bozorida suyultirilgan gaz narxlarining oshish sabablarini izohlab, qimmatlashuvni mahalliy mahsulot ulushining qisqarishi va qimmatroq import yetkazib berishga bo‘lgan talabning ortishi bilan bog‘ladi.
Idora maʼlum qilishicha, 2025 yil davomida birja savdolari orqali 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan. Ushbu hajmning 219 ming tonnasi yoki 61 foizi mahalliy ishlab chiqarilgan gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan, qolgan 39 foizi esa import bo‘lgan.
Shu bilan birga, yil boshida mahalliy gaz ulushi taxminan 80 foizga yetgan bo‘lsa, avgust oyidan boshlab u pasayishni boshlagan. Dekabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 35 foizga, 2026 yil yanvar oyida esa 10 foizgacha tushgan. Bunga asosiy sabab mahalliy gazning asosan aholi va ijtimoiy soha obyektlari ehtiyojlari uchun yo‘naltirilgani bo‘lgan.
Qo‘mita maʼlum qilishicha, yil davomida mahalliy suyultirilgan gaz narxi deyarli o‘zgarishsiz qolgan.
Amaldagi xarid hajmi bo‘yicha cheklovlar — 1 ta savdo sessiyasida 5 tn xarid limiti o‘rnatilganligi hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi 1 tn uchun 7 mln so‘mdan oshmagan.
Taqqoslash uchun, import gazi bir tonnasi 8 million so‘mgacha bo‘lgan narxda sotilgan.
Biroq, so‘nggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi o‘rtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan import mahsulotning boshlang‘ich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tn suyultirilgan gaz mahsuloti o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda, dekabrga nisbatan o‘sish 20 foiz.
Raqobat qo‘mitasi bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rayotganini, jumladan, avtogaz quyish shoxobchalaridagi narxlarni doimiy monitoring qilib borishni maʼlum qildi.
Shuningdek, idorada qayd etilishicha, mamlakatda avtotransport vositalarining atigi 11 foizi suyultirilgan gazdan foydalanadi, uning avtomobil yoqilg‘isi umumiy hajmidagi ulushi esa taxminan 5 foizni tashkil etadi.