Valyuta kurslari 30/01/2026
$1 – 12199.10
UZS – 0,25%
€1 – 14585.24
UZS – -0,02%
₽1 – 160.49
UZS – 0,38%
Qidirish
Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” do‘konlar tarmog‘ida xaridorlar murojaatlari asosida qonunbuzarliklarni aniqladi

Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” do‘konlar tarmog‘ida xaridorlar murojaatlari asosida qonunbuzarliklarni aniqladi

Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” do‘konlar tarmog‘ida xaridorlar murojaatlari asosida qonunbuzarliklarni aniqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan fuqarolar murojaatlarini faol o‘rganib, «Anglesey Food» kompaniyasi va “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i faoliyatiga oid arizalarni tezkor ko‘rib chiqmoqda. Murojaatlarda, xususan, tarmoq filiallaridagi oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlari sifati, xarid qilish tartibi, keshbek hisoblanishi, peshtaxtadagi va kassadagi narxlar o‘rtasidagi farqlar, shuningdek tovar buyurtma qilish xizmati bo‘yicha shikoyatlar qayd etilgan.

Ko‘rib chiqilgan holatlardan biri Yangihayot tumanida joylashgan “Korzinka” filiali xaridorining narxlar va aksiyalarga oid nomuvofiqlik haqidagi shikoyati kelish tushgan. Tekshiruv natijasida mijozga “Chortoq” suviga qo‘llanilayotgan chegirma haqida to‘liq va o‘z vaqtida maʼlumot berilmagani aniqlandi, bu esa kassada muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Shu munosabat bilan do‘kon xodimlariga qadoq hajmi va aksiya takliflariga qarab narxlarni to‘g‘ri aks ettirish, amaldagi narxnomalar mavjudligini doimiy nazorat qilish va xaridorlarni to‘liq xabardor etish zarurligi bo‘yicha qatʼiy tushuntirishlar berildi.

Boshqa bir holatda salatlar bo‘limi xodimining xaridor bilan qo‘pol muomala qilgani, tovarni noto‘g‘ri tortib bergani va mijozga qayta xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgani aniqlandi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra mazkur xodimga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi, shuningdek bunday holatlarning oldini olish maqsadida sotuvchi xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi.

Asaka shahridagi “Korzinka” filialida xaridordan sotib olingan tovarlar uchun ikki baravar mablag‘ undirilgan. Tekshiruv bu holat skanerlash jarayonidagi texnik xatolik sabab yuzaga kelganini ko‘rsatdi, shundan so‘ng xodimga do‘konning ichki qoidalariga muvofiq ogohlantirish berildi. Ortiqcha undirilgan barcha mablag‘lar isteʼmolchiga qaytarildi, xodimlar bilan esa tushuntirish ishlari o‘tkazildi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Korzinka” filialida qahva uchun to‘lovning ikki marta yechib olingani va pishloq uchun noto‘g‘ri hisob-kitob qilingani haqida shikoyat kelib tushdi. Tekshiruv natijasida ikki marta yechib olish va pishloq bo‘yicha xatoli hisob-kitob tasdiqlandi. Kassirlarga mijozlar bilan ishlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi, xaridorga ortiqcha yechib olingan mablag‘lar rasmiy uzr so‘rash bilan qaytarildi.

Bundan tashqari, tovar xarid qilish chog‘ida undirilgan summa oshirib yuborilgani haqida murojaat ham qayd etildi. Tekshiruv davomida stajyor-kassir taxminan 48 ming so‘m miqdorida xatoga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Do‘kon rahbariyati tushuntirish ishlarini olib bordi, ortiqcha undirilgan mablag‘lar to‘liq ravishda xaridorga qaytarildi.

Qayd etish joizki, 2025 yil davomida Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali turli toifadagi taxminan 1,5 mingta murojaatni ko‘rib chiqib, ularni samarali hal etish bo‘yicha choralar ko‘rdi. Bu esa isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va “Korzinka” do‘konlar tarmog‘ida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qildi.

#Korzinka  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling