Raqobat qo‘mitasi IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini tushuntirdi

Raqobat qo‘mitasi IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini tushuntirdi

Raqobat qo‘mitasi IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini tushuntirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va tadbirkorlar masʼuliyati yuzasidan tushuntirish berdi.

Tushuntirishlarga fuqarolarning qurilmalarni xarid qilgandan so‘ng IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish zarurati bilan bog‘liq murojaatlari sabab bo‘ldi. Vazirliklar, idoralar va tizim operatorlari mazkur holatni o‘rganishga jalb etildi.

Qo‘mita maʼlumotiga ko‘ra, 2025 yilda ushbu masala bo‘yicha 147 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 55 tasi ijobiy hal etilgan, 89 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan, yana 3 tasi vakolatli organlarga yuborilgan.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki sotuvchi tovar haqida ishonchli maʼlumot taqdim etishi va kafolat muddati davomida uning to‘g‘ri ishlashini taʼminlashi shart.

Vazirlar Mahkamasining 778-son qaroriga muvofiq, IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha javobgarlik tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yuklangan. Barcha IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki sotuvchiga tegishli.

Qo‘mita taʼkidlashicha, xaridor IMEI-kodni mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart emas. Chakana savdoda sotuvchi allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalarni sotishi lozim va qo‘shimcha xizmatlarni majburiy tarzda taklif qilishga haqli emas.

Ushbu talablar buzilgan taqdirda tadbirkorlarga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir choralari qo‘llaniladi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling