Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida 9,2 mlrd so‘mlik qoidabuzarliklarni aniqladi
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida 9,2 mlrd so‘mlik qoidabuzarliklarni aniqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan monitoring va kelib tushgan murojaatlarni o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli taʼsir choralari ko‘rib kelinmoqda.
Namangan viloyatida O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Mingbuloq tumani bo‘limi 376 mln so‘mlik xaridni amalga oshirgan. Qashqadaryo viloyatida G‘uzor tumani obodonlashtirish boshqarmasi taxminan 1,2 mlrd so‘mlik, «Shahrisabz tuman yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi esa 491 mln so‘mlik xaridni o‘tkazgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Shumanoy tumani obodonlashtirish boshqarmasida 28 mln so‘mlik, «Nukus Muruvvat» ayollar internatida 893 mln so‘mlik hamda “O‘ZDAVERLOYIHA” davlat ilmiy-loyiha instituti filialida 1 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda qoidabuzarliklar aniqlangan.
Samarqand viloyatida viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi 215 mln so‘mlik, Sirdaryo viloyatida chiqindilar poligonlarini boshqarish direksiyasi 180 mln so‘mlik xaridni amalga oshirgan.
Surxondaryo viloyatida Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi filiali 120 mln so‘mlik, Angor tumani xalq taʼlimi bo‘limi taxminan 1,8 mlrd so‘mlik, Termiz tumani xalq taʼlimi bo‘limi esa 50 mln so‘mlik xarid o‘tkazgan.
Xorazm viloyatida Xiva shahri ixtisoslashtirilgan internati 1,9 mlrd so‘mlik xaridni amalga oshirgan.
Toshkent viloyatida «O‘ZBEKISTON TEXNOLOGIK METALLAR KOMBINATI» AJ har biri 1 mlrd so‘mdan oshgan uchta xaridni o‘tkazgan.
Eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarini o‘rganish natijasida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, yaʼni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.