Raqobat qo‘mitasi birja savdosi qoidalarini buzgani uchun «Namangan to‘qimachi cluster»ni jarimaga tortdi
Raqobat qo‘mitasi birja savdosi qoidalarini buzgani uchun «Namangan to‘qimachi cluster»ni jarimaga tortdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi birja savdolarini o‘tkazish jarayonida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgani uchun «Namangan to‘qimachi cluster» MCHJga nisbatan choralar qo‘lladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “Tovar-xom ashyo birjalari faoliyati samaradorligini oshirish va birja savdosi mexanizmlarini yana-da takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi 4484-sonli qaroriga muvofiq, Raqobat qo‘mitasi yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga belgilangan tartibda qo‘yib borilishi ustidan doimiy nazoratni olib boradi.
Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda “Namangan to‘qimachi cluster” MCHJ tomonidan paxta to‘qimachilik klaster korxonasiga yuklangan majburiyatlar bajarilmagani, yaʼni yuqori likvidli paxta linti mahsuloti belgilangan grafikda nazarda tutilgan muddat va hajmlarda birja savdolariga qo‘yilmagani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Maxsus komissiya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi yuzasidan mazkur klaster korxonaga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.