Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov XEI Telekommunikatsiyalarni rivojlantirish byurosi direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “ICTWeek Uzbekistan – 2025” AKT haftaligi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi (ITU) qoshidagi Telekommunikatsiyalarni rivojlantirish byurosi direktori Kosmos Zavazava bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar XEIning navbatdagi Vakolatli konferensiyasiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Mazkur nufuzli tadbir 2026-yil 9–27-noyabr kunlari Qatar Davlati poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasini XEI Kengashi a’zo-davlat sifatida saylashga doir masalalar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va global AKT sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga doir imkoniyatlar atroflicha muhokama etildi.
Kosmos Zavazava o‘z nutqida O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tashabbuslarni yuqori baholadi. U, xususan, mamlakatda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish hamda axborot texnologiyalarini joriy etish borasida erishilgan natijalarni alohida e’tirof etdi. Shuningdek, mazkur yutuqlar boshqa davlatlar uchun ham o‘rnak bo‘lishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar XEI doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdilar.