Raqamli texnologiyalar vaziri AQShning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning AQSh Savdo palatasi (U.S. Chamber of Commerce) tashabbusi bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan amerika kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda AQShning yetakchi texnologik va innovatsion kompaniyalari — Apple, Amazon Project Kuiper, Mastercard, Meta, Plug & Play Tech Center, Illumina hamda qator boshqa yirik kompaniya va tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Muloqot chog‘ida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, sun’iy intellektni davlat boshqaruvi va biznes jarayonlariga joriy etish, startaplar va innovatsion ekotizimni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, AT-ta’lim va raqamli infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Shu bilan birga, amerikalik kompaniya vakillari O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berib, mamlakatdagi investitsiya muhiti va yangi imkoniyatlarga katta qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar, startaplar va axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish yuzasidan kelishib oldilar.