Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishning talablari belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishning ” xavfsizlik talablari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3694-son, 28.10.2025 y).
Mazkur hujjat atom elektr stansiyalari, kichik modulli yadro reaktorlar, tadqiqot yadro reaktorlar hamda boshqa yadroviy qurilmalardan foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishda xavfsizlikni taʼminlashga oid talablarni belgilaydi.
Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishda quyidagi xavfsizlik talablariga rioya qilinishi lozim, jumladan:
xodimlarning nurlanish dozalari ustidan doimiy individual nazoratni amalga oshirish;
radioaktiv chiqindilarni ularning faollik darajasiga ko‘ra tasniflash;
radioaktiv chiqindilardan radiatsiya tarqalishining oldini olish maqsadida muhofaza va muhandislik to‘siqlarini qo‘llash;
xodimlarni shaxsiy himoya vositalari hamda dozimetrik nazorat vositalari bilan taʼminlash;
Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishda radiatsiyaviy nazorat shakli obyekt loyihasida belgilanishi va obyektning ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘rsatilishi lozim.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar ekspluatatsiya hujjatlarini, jumladan radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnomalar va qo‘llanmalarni ishlab chiqishni taʼminlashi lozim.
Atom energiyasidan foydalanish jarayonida radioaktiv chiqindilar hosil bo‘lishining normalari, shu jumladan radioaktiv chiqindilar hosil bo‘lishining yillik rejalashtirilgan miqdorlari (hajmlari) hisobotda ko‘rsatilishi lozim.