Quvaytda 20 dan ortiq o'zbekistonlik eksportchi ishtirok etadigan birinchi Uzbek Food Festival bo'lib o'tmoqda
Quvaytda 20 dan ortiq o'zbekistonlik eksportchi ishtirok etadigan birinchi Uzbek Food Festival bo'lib o'tmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14–15-dekabr kunlari Quvayt davlatidagi O‘zbekiston elchixonasi hamda O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi hamkorligida ilk bor o‘tkazilayotgan “Uzbek Food Festival” — O‘zbekistonning agrar salohiyati va eksport imkoniyatlarini keng jahon bozoriga ko‘rsatish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdirdir.
Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshchiligida 20 dan ortiq yirik eksportyor tadbirkorlardan iborat delegatsiya Al-Quvayt shahriga tashrif buyurdi. Ular o‘zlarining 200 dan ortiq mahsulot turlarini — qayta ishlangan go‘sht mahsulotlaridan tortib, ho‘l va quritilgan mevalar, turli oziq-ovqat qo‘shimchalari, ziravorlar va qandolat mahsulotlarigacha bo‘lgan keng assortimentni — mahalliy iste'molchilarga taqdim etmoqda.
Tadbir arafasida, 11-dekabr kuni, Quvaytdagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida muhim uchrashuvlar tashkil etildi. Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi Iqboljon Ergashev, delegatsiya rahbari Jamoliddin Babaxanov hamda “Sulton Center” savdo tarmoqlari kompaniyasi rahbariyati ishtirok etgan muloqotda o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Ahamiyatlisi, festival hali boshlanmasdan turib, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning mahsulotlariga “Sulton Center” rastalari orqali chakana savdo buyurtmalari kelib tushdi. Bu esa milliy mahsulotlarimizning Quvayt bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘layotganidan dalolatdir.
Shu bilan birga, delegatsiya “City Hypermarket” savdo tarmog‘i rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv yakunlari yanada quvonarli bo‘ldi — 2026-yilda “City Hypermarket”da navbatdagi “Uzbek Food Festival”ni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.