Quvasoyda elektr kabellari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaning yuqori sifatli elektr kabellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “KYM” KALBO kompaniyasi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda turkiyalik investorlar sarmoyasi hisobiga Quvasoy shahrida elektr kabellari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Quvasoy shahrida tug‘ilgan, 30 yildan oshiq Turkiyada yashab kelayotgan vatandoshimiz Hasan Memeto‘g‘li tashrif maqsadi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, turk ishbilarmonlarini viloyatga investitsiya kiritishiga ko‘maklashish orqali Farg‘ona viloyati iqtisodiyotining rivojiga o‘z hissasini qo‘shish ekanligini maʼlum qildi.
Loyiha qiymati 25 mln dollar bo‘lib, dastlabki bosqichda 5 mln dollar sarmoya yo‘naltirilib, past kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqariladi, keyingi bosqichda o‘rta kuchlanishli kabellar ishlab chiqariladi. Mahalliy ehtiyoj to‘la qoplanib, mahsulotlar eksportga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda loyiha bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi.
Viloyat hokimi mazkur loyiha bilan tanishib, sifatli kabel mahsulotlariga talab ortayotganligini taʼkidlab, ushbu loyiha qo‘llab-quvvatlanishini, mutasaddilarga loyihalar bo‘yicha birga ishlab, uni tezlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
KYM Kablo – bu sifat, ishonch va innovatsiyani uyg‘unlashtirgan turk brendi bo‘lib, elektr kabellari ishlab chiqarishda mahalliy va xalqaro bozorlarda o‘zining mustahkam o‘rniga ega. Kompaniyaning professional jamoasi va zamonaviy texnologiyalari uni kabel sanoatidagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biriga aylantirgan.