Qozog‘istonlik hamkasblar O‘zbekistonda mahalla instituti faoliyati bilan tanishdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasi Narxoz universiteti Gumanitar fanlar maktabi vakillari bilan onlayn uchrashuv tashkil etilgan edi.
Uchrashuv davomida mahalla institutiga katta qiziqish bildirilgan hamda mahalla faoliyatini chuqur ilmiy o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurish taklifi ilgari surilgan edi.
Natijada universitet vakillari O‘zbekistondagi ijtimoiy ish tajribasini o‘rganish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi vakillari bilan uchrashdilar hamda Toshkent shahridagi “Yangi Kamolon” va Toshkent viloyatidagi “Mustaqillik” mahallalarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordilar.
Tadqiqot jarayonida mehmonlar mahalla yettiligi faoliyati, ijtimoiy xizmatlar, zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan ayollar hamda bolalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar mexanizmi, milliy urf-odat va qadriyatlarning faoliyatdagi o‘rni, xatar guruhidagi bolalar bilan ishlash jarayoni, shuningdek, uyda parvarishga muhtoj shaxslarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
O’rganish natijasida qo‘shni davlat vakillari O‘zbekiston tajribasiga, xususan mahalla institutining ijtimoiy himoya va hamjamiyatlarni mustahkamlashdagi o‘ziga xos tajribasi haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar. Bu esa O‘zbekiston modelining mintaqaviy miqyosda ham dolzarbligini ko'rsatadi.