Qozog‘istondagi metall qabul qilish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash uch nafar o‘zbekistonlikning hayotiga zomin bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘istonning Olmaota viloyatida joylashgan LGN Metal metall qabul qilish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, topshirilgan metall orasida o‘q-dorilar ham bo‘lishi mumkin.
Hududiy politsiya maʼlum qilishicha, qabul jarayonida nomaʼlum bir predmet portlab ketgan. Hodisa joyiga politsiya, yong‘in xavfsizligi xizmatlari va tibbiyot xodimlaridan iborat tezkor xizmatlar yetib kelgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fojianing sabablari va sharoitlari o‘rganilmoqda. Rasmiy versiya hali eʼlon qilinmagan.
KTK telekanali maʼlum qilishicha, ehtimoldan uzoq emaski, metall orasida minalar bo‘lgan. Qabul shoxobchasi egasi taʼkidlashicha, metall avvalroq harbiy idoradan arzon narxda xarid qilingan bo‘lishi mumkin:
«Orqada quyish seximiz bor, uni xitoylik kompaniya ijaraga olgan. Ko‘rinadiki, arzon narxda bir vaqtlar lom sotib olishgan, lekin uning orasida Mudofaa vazirligiga tegishli — ishlatilmagan minalar ham chiqqan. Hozir barcha kuch tuzilmalari tekshiruv o‘tkazmoqda», — dedi u.