Qozog‘iston Senati “yashil” energetika kelishuvini ratifikatsiya qildi
Qozog‘iston Senati “yashil” energetika kelishuvini ratifikatsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida “yashil” energiyani ishlab chiqarish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni maʼqulladi.
Yuqori palataning majlisi Senat spikeri Maulen Ashimbayev raisligida o‘tdi. Unda qator qonun loyihalari va deputatlik so‘rovlari ko‘rib chiqildi, ular orasida uch davlatning qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorligiga oid kelishuv asosiy o‘rinni egalladi.
Hujjatni ratifikatsiya qilish Qozog‘istonning energetik xavfsizligini mustahkamlash, tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda past uglerodli mahsulotlar eksporti orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga qaratilgan. Kelishuvga muvofiq, qo‘shma ishlarni muvofiqlashtirish uchun Boshqaruv qo‘mitasi va Ishchi guruh tashkil etiladi.
Tomonlar “yashil” elektr energiyasini ishonchli va uzluksiz uzatish uchun texnik va tijorat shartlarini belgilaydi.
Hujjat, shuningdek, yangi energiya samarador texnologiyalarni joriy etish va energiyani Yevropa hamda boshqa hududlarga eksport qilish infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Kelishuv 2024 yil 13 noyabr kuni Boku shahrida uch davlat rahbarlari tomonidan imzolangan bo‘lib, u qayta tiklanuvchi energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.