Qo‘riqlash faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Qonun ma’qullandi
Qo‘riqlash faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Qonun ma’qullandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar va tashkilotlarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek qo‘riqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirishga qaratilganligi ta’kidlandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni, jumladan jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, noqonuniy ov qilish, daraxtlarni kesish va boshqa ekologik qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlariga berilmoqda.
Shuningdek, qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ruxsatnoma berish vakolatini Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazish, tadbirkorlik subyektlari uchun esa xabardor qilish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Muhokamada so‘zga chiqqanlar ushbu Qonun jamoat xavfsizligini mustahkamlash, aholi tinchligi va “Inson qadri – oliy qadriyat” tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunda xavfsizlikni ta’minlashda jazolashga emas, balki profilaktikaga hamda jamoat tartibi, profilaktika va qo‘riqlash faoliyati yagona tizim sifatida samarali ishlashiga ustuvor ahamiyat beriladi.
Senatorlar Qonunni ma’qulladi.