Valyuta kurslari 02/03/2026
$1 – 12172.18
UZS – 0,29%
€1 – 14357.09
UZS – 0,27%
₽1 – 157.45
UZS – -0,16%
Qidirish
Qo'qon xoni qilichi O'zbekistonga qaytarildi

Qo'qon xoni qilichi O'zbekistonga qaytarildi

Qo'qon xoni qilichi O'zbekistonga qaytarildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan Qo‘qon xoni qilichi XIX asrga mansub bo‘lib, u yurtimiz harbiy madaniyati va qurolsozlik san’atining yuksak namunasidir.Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu eksponat Qo‘qon xonligi davriga oid, oltin, qimmatbaho toshlar va po‘latdan ishlangan. Qilichning umumiy uzunligi 92 santimetrni tashkil etadi. Bu noyob artefakt Londondagi Amir Muhtashamiy kolleksiyasidan vatanimizga qaytarilgan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Xudoyorxon davridan saqlanib qolgan qilichlar juda kam. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, xonga tegishli ikki qilich Rossiya muzeylarida saqlanadi. Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan qilich XIX asrda Buxoro amirligi hududidagi Shahrisabzda yasalgan bo‘lib, u ham Xudoyorxonga nisbat beriladi. Bu holat mazkur eksponatning tarixiy qimmatini yanada oshiradi. 

Qilich dastasining oltindan ishlangani, g‘ilofining esa ko‘k rangli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgani uning oddiy jang quroli emas, balki hukmdorga mo‘ljallangan nufuz ramzi bo‘lganini ko‘rsatadi. Bunday qilichlar ko‘pincha hukmdorlarga hadya sifatida taqdim etilgan. Shu jihatdan, ushbu eksponat diplomatik munosabatlar va davlatchilik madaniyati bilan ham bog‘liqdir.

XVIII–XIX asrlarda Markaziy Osiyoda muhim siyosiy kuchlardan biri bo‘lgan Qo‘qon xonligi o‘zining mustahkam harbiy tizimi bilan ajralib turgan. XIX asr o‘rtalariga kelib, xonlik hududi kengayib, aholisi va siyosiy nufuzi ortdi. Davlat xavfsizligini ta’minlash, chegaralarni himoya qilish va ichki barqarorlikni saqlashda muntazam qo‘shin hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.

Qo‘shinning qurollanishi hukmdorning e’tiboriga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lgan. Ayrim davrlarda bu sohaga yetarlicha e’tibor berilmagan bo‘lsa-da, umumiy hisobda xonlikda harbiy ish tizimli ravishda rivojlantirilgan. Qo‘qon qo‘shinlari qurol-yarog‘, zambarak va miltiqlar soni hamda sifati jihatidan Buxoro va Xivadan ortda qolmagan.

Xonlik shaharlari va chegara qal’alari mustahkam devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ularda doimiy qo‘shin joylashtirilgan. XIX asr o‘rtalarda xonlikdagi qo‘shinlarida sarbozlar soni 11 mingdan ortiqni tashkil etgan. 1860-yillarga kelib esa muntazam qo‘shin soni 40 ming nafarga yetkazilgan. Bu holat davlatning harbiy salohiyati ancha yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.

Qo‘qon xonligida qurol ishlab chiqarish maxsus ustaxonalarda yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon va Andijon kabi shaharlarda zambarak va miltiq quyish ustaxonalari mavjud bo‘lgan. Artilleriya qo‘shinning asosiy zarbdor kuchlaridan biri hisoblangan. Zambarak quyish murakkab jarayon bo‘lib, bu ish bilan tajribali ustalar shug‘ullangan.

1860-yillarga oid ma’lumotlarda Qo‘qonda xorijlik mutaxassislar ishtirokida zambaraklar qo‘yilgani qayd etiladi. Qal’a zambaraklari va dasht zambaraklari vazifasiga ko‘ra farqlangan. Katta hajmli zambaraklar shahar va qal’alarni himoya qilishda ishlatilgan bo‘lsa, yengil turdagilari jang maydonlarida qo‘llanilgan.
Shuningdek, porox ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu qo‘shinning jangovor tayyorgarligini oshirgan. Qo‘shinda mingboshi, yuzboshi, ellikboshi kabi harbiy lavozimlar mavjud bo‘lib, ular qat’iy iyerarxiya asosida faoliyat yuritgan.

Qo‘qon xonligi qo‘shinida qilich eng asosiy va ishonchli qurollardan biri hisoblangan. Qilich kesish va sanchish orqali dushmanga zarba berishga mo‘ljallangan. Sharq davlatlarida VI–VII asrlardan boshlab egri tig‘li qilichlar keng tarqalgan. Ular yengilligi va mustahkamligi bilan jangda qulay bo‘lgan.

Samarqand, Axsikent va Ustrushona qilichlari mashhur bo‘lgani kabi, Qo‘qon qilichlari ham o‘z sifati bilan nom qozongan. Qo‘qonda maxsus “Qilichsozlar mahallasi” mavjud bo‘lib, u yerda mohir ustalar yuqori sifatli po‘latdan qurollar yasagan. Qo‘qon qilichlari odatda 80–90 santimetr uzunlikda bo‘lib, mustahkam va muvozanatli tuzilishi bilan ajralib turgan.

Ekspozitsiyadagi mazkur qilich nafaqat harbiy qurol, balki yuksak badiiy san’at namunasidir. Oltin dastasi va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan g‘ilofi ustalarning estetik qarashlari va nafis didini namoyon etadi. Bu esa qurolsozlik faqat amaliy emas, balki badiiy-amaliy san’at darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.

Qo‘qon xoni qilichi o‘z davrida hukmdor qudrati, davlat mustaqilligi va harbiy salohiyat ramzi bo‘lgan. Bunday qurollar davlat marosimlarida, qabullarda va diplomatik munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etgan. Ular orqali hukmdorning nufuzi va davlatning qudrati namoyon qilingan.

Bugungi kunda mazkur qilich Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida xalqimiz tarixiy merosining yorqin namunasi sifatida namoyish etilmoqda. U tashrif buyuruvchilarga XIX asrdagi davlatchilik an’analari, harbiy tizim va qurolsozlik san’ati haqida atroflicha tasavvur beradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling