Qonunchilik palatasida “Tasvirga bo‘lgan huquqni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.
Loyiha bilan shaxsni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish majburiy shartligi, shaxsni tasvirga olish va undan foydalanishda bolalar huquqning mustaqil subyekti ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. Shunga ko‘ra tasvirga olish va undan ruxsatsiz foydalanish mumkin bo‘lgan hollar doirasi hamda videokuzatuvni amalga oshirishda shaxsiy daxlsizlikni ta’minlashga oid talablar belgilanyapti.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar bergan takliflardan kelib chiqib, har xil yondashuvlarning oldini olish, qonun normalarining aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ayrim o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, tasvirga olishda va undan foydalanishda o‘n olti yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasidan biri yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan berilishi, jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan taqdirda, bu haqda barchaga ko‘rinadigan joyda va shaklda ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shartligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, videokuzatuv kameralarini o‘rnatish mumkin bo‘lmagan joylar doirasi, xususan, kiyinish xonalarida, hojatxonalarda videokuzatuv tizimlari o‘rnatilishi mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada mustahkamlashga, shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlarini kafolatlashga qaratilgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.