Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasidagi hibsga olinganlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi koʻrib chiqildi
Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasidagi hibsga olinganlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi koʻrib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Bitimni (Samarqand, 2025-yil 26-avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslanib, xalqaro hamda mintaqaviy masalalar yuzasidan yaqin hamkorlikni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda terrorizm, ekstremizm, iqtisodiy jinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikning turli ko‘rinishlaridan kelib chiqadigan xavf-xatarlarning ortib borayotgani davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va mazkur sohadagi huquqiy asoslarni takomillashtirishni taqozo etmoqda. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlatlararo huquqiy yordamni yo‘lga qo‘yish va uni tizimli ravishda amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Bu borada hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasida ushlab berish masalalari bo‘yicha shartnomaviy-huquqiy asos mavjud emas. Bu esa ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muayyan darajada cheklab kelgan.
Mazkur Bitim muqaddima hamda 23 ta moddadan iborat. Unda jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki ularga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish maqsadida ushlab berishning tartibi, asoslari va shartlari belgilab qo‘yilgan.
Dilbar Mamajonova, Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi: Bitimning kuchga kirishi natijasida O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rib chiqish samaradorligi oshadi. Shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslarning jazodan qochib qutulishiga yo‘l qo‘ymaslik, ya’ni javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.