Valyuta kurslari 07/10/2025
$1 – 12022.90
UZS – -0,31%
€1 – 14025.92
UZS – -0,92%
₽1 – 144.75
UZS – -1,51%
Qidirish
Qonunchilik palatasida aholini zararli shovqinlardan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi

Qonunchilik palatasida aholini zararli shovqinlardan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi

Qonunchilik palatasida aholini zararli shovqinlardan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.

Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar, qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari va soha mutaxassislarining takliflari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlangan va takomiliga yetkazilgan.

Xususan, loyiha bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘ini amaldagi yetti soatdan (soat 23.00 dan 06.00 gacha) sakkiz soatga (soat 23.00 dan 07.00 gacha), dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22.00 dan 09.00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘iga o‘zgartirish taklif etilmoqda. Ushbu vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan ko‘p kvartirali uylarda shovqining yo‘l qo‘yiladigan darajasidan oshadigan qurilish va ta’mirlash ishlarini ish kunlari soat 09.00 dan 18.00 gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

Shovqinning zararli ta’siri natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sud tartibida undirilishi, kompensatsiya to‘lash shovqinning zararli ta’sirining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni bajarishdan ozod etmasligi, shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan yuqori bo‘lgan mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning mehnati uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan oshirilgan miqdorda haq to‘lanishi belgilanmoqda.

Fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt oralig‘ida belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yo‘l qo‘yayotgan obyektlar faoliyatini to‘xtatib turish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar ta’siridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling