Qonunchilik palatasi texnik reglamentlarni takomillashtirish to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi
Qonunchilik palatasi texnik reglamentlarni takomillashtirish to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan mahsulotlarni muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish, standartlarni ixtiyoriy qo‘llash amaliyotini kengaytirish, metrologiya sohasini xalqaro talablar asosida qayta tashkil etish hamda akkreditatsiya organlari faoliyati mustaqilligini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlari talablari bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyihaga muvofiq, amaldagi qator qonunlarga, jumladan, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida” hamda “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.
Texnik reglamentlar orqali mahsulot xavfsizligini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat tomonidan majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mahsulotlarga oid ayrim normalarni bekor qilish va standartlarni ixtiyoriy qo‘llash amaliyotini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Metrologiya sohasida esa o‘lchash vositalarini kalibrlash tizimini keng joriy etish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartiblar joriy etilishi belgilanyapti.
Shu bilan birga, akkreditatsiya tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, uning shaffofligini ta’minlash va xalqaro standartlarga muvofiqligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qonun loyihasida javobgarlik mexanizmlari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga rioya etmagan ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilarga nisbatan qat’iy moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi belgilanyapti. Jumladan, mahsulot yorliqlarida iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirilgan holatlarda jarima choralari qo‘llanilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyati ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ularning javobgarligi qonun hujjatlari va shartnomaviy munosabatlar doirasida belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.