Qonunchilik palatasi “Sug‘urta bozorini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish orqali sug‘urta bozorining professional ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sug‘urta munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga qaratilgan.
Loyiha bilan sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari faoliyatida xabardor qilish tartib taomillarini qo‘llash belgilanmoqda. Shuningdek, sug‘urta agenti faoliyatini tartibga solishning yangi mexanizmini ishlab chiqish, sug‘urtalovchi litsenziyasini ixtiyoriy ravishda bekor qilish tartibini vakolatli davlat organi tomonidan belgilash, sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarning mansabdor shaxslari uchun belgilangan malaka talablari va ularni aniqlash tartibini takomillashtirish taklif etilmoqda.
Loyihada majburiy sug‘urtaga oid qonun hujjatlarida sug‘urta munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etish hamda sohani raqamlashtirishga oid me’yorlar ham aks ettirilgani deputatlar e’tiborida bo‘ldi.
Xalq vakillari transport vositasidan foydalanishda majburiy sug‘urta qilish, yo‘l transport hodisasi ro‘y berganda tomonlar kelishuviga ko‘ra sug‘urta to‘lovini aybdor tomonning sug‘urtalovchisidan olish masalalari tartibga solinayotganligini ma’qulladilar.
Shu bilan birga, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida sug‘urtalovchi tomonidan iste’molchiga taqdim etilishi shart bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati loyihada aks ettirilishini ijobiy baholadilar.
Deputatlar qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlashda va sug‘urta sohasining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.