Qonunchilik palatasi “Qo‘shimcha ta’lim tizimini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kun tartibidagi navbatdagi masala — ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bolalarning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, tijorat tashkilotlari madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport yo‘nalishida maktabdan tashqari ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Shu bilan birga, hozirda aksariyat o‘quv markazlari, axborot-kutubxona va sog‘lomlashtirish muassasalarida katta yoshdagilarga ham ta’lim berib kelinmoqda. Bu esa, albatta, katta yoshdagi fuqarolarning ham bunday maskanlarga tashrif buyurishlari uchun aniq huquqiy asoslarni yaratish va ularni mustahkamlashni talab etmoqda.
Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasini katta yoshdagi fuqarolarning ham ta’lim ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonunlarda “maktabdan tashqari” atamasi “qo‘shimcha ta’lim”ga almashtirilmoqda. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda qo‘shimcha ta’lim bolalar uchun ta’lim va katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim turlariga ajratilmoqda. Bunda qo‘shimcha ta’lim bolalar va katta yoshdagilarning ijodiy qobiliyatlarini shakllantirish va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga, intellektual va jismoniy takomillashuvga bo‘lgan individual ehtiyojlarini qondirishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga, salomatlikni mustahkamlashga va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilishi nazarda tutilmoqda.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.