Valyuta kurslari 08/01/2026
$1 – 12033.28
UZS – 0,54%
€1 – 14060.89
UZS – 0,29%
₽1 – 149.30
UZS – 1,06%
Qidirish
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlari eksportini koʻpaytirish choralarini muhokama qildi

Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlari eksportini koʻpaytirish choralarini muhokama qildi

Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlari eksportini koʻpaytirish choralarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abduraxmonovning “Mamlakatimizda eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari hajmini ko‘paytirish va maqsadli eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga berilgan javobini ko‘rib chiqdi.

Unda keltirilishicha, keyingi yillarda mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlarining eksport salohiyatini yanada oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilishga doir huquqiy asoslarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi va “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi yaxlit qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi qabul qilinib, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning huquqiy poydevori mustahkamlandi.

2025-yilda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida xalqaro standartlar talablarini joriy etib, sertifikatlangan korxonalar sonini 2032 taga yetkazish belgilangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2045 taga yetkazildi va reja 101 foizga bajarildi. Bugungi kunda respublikada organik sertifikat beradigan 12 ta muvofiqlikni baholash organlari faoliyat yuritmoqda.

Fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 10 ming gektarda organik mahsulot yetishtirish bo‘yicha vazifa belgilangan bo‘lib, amalda 36 ta subyektlar tomonidan jami 10,3 ming gektarda organik mahsulot yetishtirildi. Ushbu maydonlardan jami 26,5 ming tonna hosil olingan bo‘lsa, respublikada GlobalG.A.P. xalqaro tan olingan standarti talablari asosida 955 gektar maydonda 14 ming tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirildi.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, xalqaro standartlarni joriy etgan 48 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat korxonalariga davlat tomonidan 2025-yilda 3,8 mlrd. so‘m moliyaviy yordam ajratilgan.

Bugungi kunda respublikada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida amalda 4 233 ta standartlar mavjud bo‘lib, shundan, 1 957 tasi xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirildi. Amaldagi standartlarni JST talablariga moslashtirish bo‘yicha esa 410 ta standart ko‘rib chiqildi.

2025-2026-yillarda hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha 10,4 trln. so‘mlik 673 ta loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, amalga oshirish bo‘yicha tizimli monitoring yo‘lga qo‘yildi.

2025-yilda fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida jami 3,9 mln. gektarga ekin ekilgan bo‘lsa, 898 ming gektarga takroriy ekinlar ekilib, 12,8 mln. tonna, shundan 5,1 mln tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi.

Eksport geografiyasi esa 95 ta davlatni qamrab olib, Rossiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston va Xitoy asosiy savdo hamkorlari sifatida yetakchi o‘rinlarni egalladi. Yaponiya, AQSH, Koreya Respublikasi va Yevropa davlatlari bozorlariga chiqish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Deputatlar ushbu yo‘nalishda vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani, shu bilan birga qishloq xo‘jaligida eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari hajmini ko‘paytirish, mahsulotlarning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. Majlisda mazkur masala yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling