Valyuta kurslari 20/01/2026
$1 – 12051.71
UZS – 0,74%
€1 – 14008.91
UZS – 0,87%
₽1 – 154.69
UZS – 0,49%
Qidirish
Qonunchilik palatasi Maʼmuriy protseduralarni isloh qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi

Qonunchilik palatasi Maʼmuriy protseduralarni isloh qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi

Qonunchilik palatasi Maʼmuriy protseduralarni isloh qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan ma’muriy sud ishlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish, ya’ni fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy, xalqaro standartlarga mos mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeklarga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu yangiliklar ma’muriy sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi institut va tartiblarni joriy etishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi bilan joriy etilayotgan muhim yangiliklardan biri — “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipidir. Unga ko‘ra, davlat organining qaror yoki hujjatiga ishonib, vijdonan harakat qilgan fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari qat’iy himoya qilinadi. Davlat organi xatosi uchun halol faoliyat yuritgan shaxs javobgar bo‘lmasligi qonun darajasida mustahkamlanmoqda.

Shu bilan birga, ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etilyapti. Ushbu bosqich sud muhokamasigacha dalillarni to‘plash, da’vo talablarini aniqlashtirish va taraflarni kelishtirish imkonini beradi. Bu esa ishlarni ko‘rish muddatlarini qisqartirish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Loyihadagi yana bir muhim yangilik — davlat organlari mansabdor shaxslarining sud majlislarida majburiy ishtiroki belgilanayotganidir. Asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Bu davlat organlari mas’uliyatini oshirish, sud jarayonlarida haqiqiy tortishuv va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, sudga hurmatsizlik qilganlik yoki sudning xususiy ajrimlarini ijro etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish vakolati bevosita ma’muriy sudlarning o‘ziga berilayotgani sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini yanada mustahkamlaydi.

Tashabbuskorlarning ma’lum qilishicha qonun loyihasini ishlab chiqishda Germaniya, Yaponiya, Estoniya va Fransiya kabi rivojlangan davlatlarning ma’muriy adliya sohasidagi ilg‘or tajribasi chuqur o‘rganilgan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizalaridan o‘tkazilgan hamda jamoatchilik muhokamasida qo‘llab-quvvatlangan.

Majlisda deputatlar tomonidan yangi tartiblarning joriy etilishi davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta’minlash, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, eng muhimi, fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling