Deputatlar iqtisodiy va ma'muriy sudlarni isloh qilish to'g'risidagi qonun loyihasini birinchi o'qishda qabul qilishdi
Deputatlar iqtisodiy va ma'muriy sudlarni isloh qilish to'g'risidagi qonun loyihasini birinchi o'qishda qabul qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda fuqarolar va tadbirkorlar uchun iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarga murojaat qilishda qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat va Iqtisodiy protsessual kodekslari, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks, shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, ma’muriy sud ishlari yurituvida — huquqi buzilgan shaxslarning tanloviga ko‘ra, iqtisodiy sud ishlari yurituvida esa — taraflarning kelishuviga asosan eksterritorial sudlov mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda. Bunda ishni ko‘rib chiqadigan sud avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish, yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsad qilingan. Buning doirasida tumanlararo, tumanlar, shahar iqtisodiy sudlari tugatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat markazlarida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik— agar qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa va da’vo arizasi shu ish doirasida ko‘rilishi lozimligi sababli ko‘rmasdan qoldirilsa, davlat boji qaytarilishi belgilanyapti.
Majlisda taklif etilayotgan o‘zgartishlar sudga murojaat qilishdagi ortiqcha ovorgarchiliklarni kamaytirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda sud qarorlarining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.