Qonunchilik palatasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga o'zgartirishlar kiritish loyihasini Senatga yubordi
Qonunchilik palatasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga o'zgartirishlar kiritish loyihasini Senatga yubordi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligini bila turib, avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorga bu haqda ma’lum qilmaslik uchun javobgarlik choralari belgilanyapti.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ishlarni ko‘rishda pedagog yoki psixologning ishtirok etishi talabi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq holatlarda pedagog va (yoki) psixolog ishtirokini ta’minlash ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) zimmasida bo‘ladi.
Bundan tashqari, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, advokat va qonuniy vakilga sudya yoki mansabdor shaxsning ishtirokini rad qilish huquqi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritishda ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar belgilanmoqda.
Qonun loyihasida maxsus huquqdan mahrum qilish jazosi bir yarim yilgacha muddatga tayinlagan bo‘lsa, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish imkoniyati jazo muddatining yarmi o‘tgach, bir yarim yildan uch yilgacha muddatga tayinlangan bo‘lsa, uchdan ikki qismi o‘tgach taqdim etilishi o‘z aksini topmoqda.
Shu bilan birga, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish huquqi qo‘llanilmaydigan shaxslar toifasi ham belgilanmoqda. Ushbu qoidalarning joriy etilishi qonunchilikdagi noaniqliklar hamda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarning bartaraf etilishiga imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.
Shahnoza Joldasova, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Mazkur qonun loyihasi iste’molchilar huquqlarining kafolatlarini ta’minlash, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, sud ishlarini ko‘rishda ularni ruhiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.