Qonunchilik palatasi mahsulot xavfsizligi to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi

Qonunchilik palatasi mahsulot xavfsizligi to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi

Qonunchilik palatasi mahsulot xavfsizligi to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasida nooziq-ovqat mahsulotlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari belgilash bilan birga, ayrim yuqori xavfli mahsulotlarga nisbatan yanada qat’iy talablar qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, mahsulotlarni xavf darajasiga qarab toifalash orqali ularni nazorat qilish tartibini takomillashtirish taklif etilmoqda.

Loyihada Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha bitimi talablari inobatga olingan. Xususan, texnik reglamentlar xalqaro savdoda ortiqcha to‘siqlar yaratmasligi, mahsulotlar uchun teng shart-sharoitlar ta’minlanishi hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish tamoyillari mustahkamlangan.

Texnik reglamentlar esa mahsulot konstruksiyasiga emas, balki uning xavfsizligi va natijaviy ko‘rsatkichlariga qaratilgan talablarni o‘z ichiga olishi belgilanmoqda.

Loyihaga muvofiq, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanmoqda. Ular mahsulotning talablarga mosligini baholab, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi, zarur hollarda esa mahsulotni maxsus muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alashi shart bo‘ladi.

Yana bir yangilik — “muvofiqlik prezumpsiyasi” tamoyili joriy etilayotganidir. Ya’ni, amaldagi standartlarga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlar xavfsiz deb hisoblanadi.

Mahsulotlarni baholashda esa uning boshqa mahsulotlar bilan o‘zaro ta’siri, foydalanish shartlari, aholining turli qatlamlari — bolalar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqalar uchun xavfsizligi alohida e’tiborga olinadi.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun qabul qilinishi nooziq-ovqat mahsulotlari uchun aniq va shaffof xavfsizlik talablarini belgilashga, iqtisodiy operatorlar mas’uliyatini oshirishga hamda xavfli mahsulotlarning bozorga kirib kelishining oldini olishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, iste’molchilarni himoya qilish darajasi yangi bosqichga ko‘tarilib, ularning mahsulotlarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi. Shuningdek, xalqaro standartlarga mos tizimning joriy etilishi milliy bozor raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling