Qonunchilik palatasi harbiy pensiyalar to'g'risidagi qonun loyihasini muhokama qildi
Qonunchilik palatasi harbiy pensiyalar to'g'risidagi qonun loyihasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus tuzilmalar xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilar, shuningdek ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun bilan belgilash, ushbu pensiyani tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibiga oid normalarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, harbiy xizmatda 30 yildan ortiq xizmat qilganlar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda ish haqining hisobga olinadigan miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirish, shuningdek, pensiya tayinlashda asos bo‘ladigan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini o‘n baravaridan kelib chiqib hisoblash amaliyotini o‘n ikki baravaridan kelib chiqib amalga oshirish taklif etilmoqda.
Taqdim etilayotgan imtiyozlar vatanimiz va xalqimiz xavfsizligini ta’minlashda uzoq yillar fidokorona xizmat qilgan, o‘z hayotini yurtimiz istiqboli uchun bag‘shida qilib fidoyilik ko‘rsatgan harbiylarimizni qo‘shimcha rag‘batlantirish, yoshlarimizda bu sohaga bo‘lgan mehr va ishtiyoqni oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi maqsadlarni nazarda tutgan.
Deputatlar fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligi va harbiy xizmat jozibadorligini oshirish, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni aniq tartibga solish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida barqaror va yagona mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.