Qonunchilik palatasi giyohvand moddalar va kuchli ta'sir qiluvchi moddalar savdosi uchun jazolarni kuchaytirish to'g'risidagi qonun loyihasini ko'rib chiqdi
Qonunchilik palatasi giyohvand moddalar va kuchli ta'sir qiluvchi moddalar savdosi uchun jazolarni kuchaytirish to'g'risidagi qonun loyihasini ko'rib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksidagi giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar sifatida alohida bobga birlashtirilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksidagi mazkur bobda narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish hamda g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normalar belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilyapti. Bundan tashqari, bu turdagi jinoyatlarni qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrash, shuningdek, giyohvand moddalarning qonunga xilof muomalasini cheklashga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.