Qonunchilik palatasi ekstremizmga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Qonunchilik palatasi ekstremizmga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Qonunchilik palatasi ekstremizmga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari axborot texnologiyalari hamda Internet tarmoqlaridan faol foydalanib, ayniqsa yoshlarni zo‘ravonlik va radikal g‘oyalarga jalb etishga urinayotgani kuzatilmoqda. Shu bois amaldagi qonunchilikni zamon talablari asosida takomillashtirish, profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash dolzarb vazifa hisoblanadi.

Mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olish, yoshlarni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda ekstremizmning oldini olish, bu haqda xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish, tashkilotlarni ekstremistik deb e’tirof etish tartiblarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida” hamda “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunlarga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilyapti.

Dunyoda keskinlashib borayotgan notinchlik va ziddiyatlar sharoitida amaldagi qonunlarga kiritilayotgan bunday o‘zgarishlar, eng avvallo, mamlakatimizdagi tinch va barqaror hayotni, mustaqilligimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda deputatlar ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, shuningdek mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada rivojlantirishda uning ahamiyati alohida qayd etildi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling