Qonunchilik palatasi bozorni nazorat qilish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Qonunchilik palatasi bozorni nazorat qilish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Qonunchilik palatasi bozorni nazorat qilish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida bozorlarda mahsulotlar turi va hajmi izchil ortib bormoqda. Lekin, amaldagi texnik jihatdan tartibga solish tizimi bozordagi barcha nooziq-ovqat mahsulotlarini to‘liq qamrab olish imkonini bermaydi. Bu esa mahsulotlar sifatini ta’minlash, ularning inson hayoti va sog‘lig‘iga ta’sirini baholashda ayrim muammolarni keltirmoqda. Shu sababli amaldagi davlat nazorati tizimidan halqaro tajribada yuqori samara bergan bozor nazorati tizimiga o‘tish zarurati yuzaga kelyapti.

Shu munosabat bilan, iste’molchilarning manfaatlaridan kelib chiqib, bozorga kirib kelgan barcha nooziq-ovqat mahsulotlarning inson hayoti va sog‘ligiga xafsizligini hamda atrof-muhitga zarar yetkazmasligini ta’minlashga qaratilgan bozor nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarni yanada takomillashtirishga qaratilgan “Bozor nazorati” qonuni loyihasi ishlab chiqilgan.

Loyihada bozor nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlari, xususan, nazorat xaridlari, mahsulotlar ekspertizasi, joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazishning xuquqiy asoslari belgilanmoqda. Shuningdek, mahsulotlar nomuvofiqligi yoki iste’molda jiddiy xavf-xatar tug‘dirishi aniqlanganda ko‘riladigan ta’sir choralariga oid normalar aks ettirilgan.

Bundan tashqari, bozor nazoratini olib borishda vakolatni organlar bilan bojxona organlari o‘rtasidagi hamkorlik, bozor nazorati sohasida idoralararo axborot almashinuvi, iqtisodiy operatorlarning javobgarligi hamda inson hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni iste’molchilarga qoplab berishning huquqiy asoslari aniqlangan.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasida sifatsiz mahsulot ishlab chiqargan, import qilgan yoki tarqatgan shaxslarga nisbatan ta’sir choralari aniq belgilanishi, jumladan, mahsulot muomalasini vaqtincha to‘xtatib turish, uni chaqirib olish yoki bozordan chiqarish kabi choralar nazarda tutilganligi iste’molchilar huquq va manfaatlarinii himoya qilish imkoniyatini kengaytiradi.

Belgilangan texnik tartibga sorish talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilayotganligi hamda iste’molda jiddiy xavf tug‘diruvchi mahsulotlarni muomalaga chiqarganlik uchun moliyaviy jarimalar joriy etilishi xalq vakillari e’tiborida bo‘ldi.

Deputatlar muhokamalar davomida iqtisodiy operatorlarning javobgarligi, yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlari, sohani moliyalashtirish hamda nizolarni ko‘rib chiqish tartiblarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdilar.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, inson hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, atrof-muhitga salbiy ta’sirlarning oldini olish, shuningdek, mamlakatning xalqaro iqtisodiy maydondagi integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling