Qonunchilik palatasi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga qaratilgan.
Loyiha bilan I guruh nogironligi bo‘lgan va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga hamda Ikkinchi jahon urushi nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Bu orqali aholining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami yanada kengaytirilyapti.
Shuningdek, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik faoliyatiga aralashishi hamda ushbu tashkilotlarning ishlayotgan xodimlarini boshqa ishlarga jalb etishi faqat tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan, bunday holat joriy etilgan hollarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar berdi. Loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.