Qonun transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda transport sohasini rivojlantirishga, tashishlarning xavfsizligini yuqori darajada taʼminlashga, transport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, transportda tashishlarga nisbatan qo‘yiladigan talablar va shartlarga amal qilinishi borasida tashuvchilarning masʼuliyatini oshirish, maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda korrupsiyaga barham berish, transport sohasidagi nazoratning samaradorligini yana-da oshirish uchun maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuningdek, transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab etilmoqda.
Ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Transport to‘g‘risida”gi qonunlarga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda tashishlar samaradorligini va sifatini oshirish orqali yuk hamda yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yo‘lovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Taʼkidlanganidek, 2023-yil davomida metropolitenda 172 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 9 mln 300 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2024-yilda metropolitenda 270 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 10 mln 70 ming, shuningdek, avtomobil transportida 8 mlrddan ortiq yo‘lovchilarni tashishga erishildi. Bundan tashqari, 2024-yil davomida temir yo‘l transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan bo‘lsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq yuk tashilgan.
Bu esa o‘z navbatida davlat nazoratini amalga oshirishda yo‘lovchi va yuklarni manziliga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazish, ularga xizmatlar ko‘rsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, barqarorligi va ishonchliligini taʼminlash lozimligini taqozo etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda temir yo‘l tashishlari xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat ko‘rsatma berish huquqiga ega.
Jumladan, temir yo‘l transporti hamda metropolitenda 2024 yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yo‘l infratuzilmasiga qariyb 4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shuningdek, mamlakatimiz avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temir yo‘llari kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 2024-yilda 38 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Shu bois Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 1131-modda bilan to‘ldirilib, tashishlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Muhokama qilinayotgan Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan Qonun transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda yuk va yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.