Qonun tadbirkorlikni rivojlantirishga va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladi
Qonun tadbirkorlikni rivojlantirishga va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlashga hamda qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soliq yukini izchil pasaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ham alohida eʼtibor berilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash zarurligiga alohida urg‘u berdi. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish chora-tadbirlari doirasida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurati yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda respublikada faoliyat ko‘rsatmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar jami tadbirkorlar tarkibida hisobga olinishi iqtisodiy va statistik ko‘rsatkichlarning noto‘g‘ri shakllanishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, bu ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash va tushumlarni taʼminlashda salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Mazkur Qonun bilan yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat reyestridan chiqarish tartibini belgilash iqtisodiy va statistik ko‘rsatkichlarning to‘g‘ri shakllanishiga olib keladi.
Senatorlar Qonun moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibini soddalashtirishga xizmat qilishi haqida fikr bildirdi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan tuzatishlar natijasida ishlab chiqarish yuqori texnologiyalar asosida rivojlanishi hamda yaylov xo‘jaliklarining moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga eʼtibor qaratdi.
Muhokama yakunida senatorlar mazkur Qonunni maʼqulladi.