Qonun tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, soliq siyosatini takomillashtirish orqali soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur islohotlar doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, jinoyat ishlari doirasida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni yana-da takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘ladigan zararning miqdorini oshirish, yetkazilgan zararning o‘rni sudga qadar bosqichda va sud muhokamaci davomida to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilish, shuningdek, vakolatli organlarning tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud jarayonida Biznes-ombudsman yoki Savdo-sanoat palatasi tomonidan tayinlangan vakil jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishini belgilovchi qoidalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksida va Soliq kodeksida sud qaror chiqarguniga qadar tergov jarayonida qo‘shimcha hisoblanib undirilgan soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha penya hisoblanmasligi, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkasi bo‘yicha to‘lab berilgan kompensatsiya pullari daromad solig‘iga tortilmasligi kabi o‘zartirishlar ham nazarda tutilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida taʼkidlaganidek, mazkur Qonun soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlashga, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishga, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.