Valyuta kurslari 31/10/2025
$1 – 12025.22
UZS – 0,29%
€1 – 13969.70
UZS – 0,07%
₽1 – 149.36
UZS – -0,9%
Qidirish
Qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishiga xizmat qiladi

Qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishiga xizmat qiladi

Qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishiga xizmat qiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlarni, shu jumladan davlat ishtirokidagi korxonalarning nosohaviy aktivlarini xususiy sektorga berishni jadallashtirish maqsadida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari soddalashtirilmoqda, bu boradagi to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar negizida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuniga hamda Yer va Soliq kodekslariga davlat aktivlarini xususiylashtirish hamda ijaraga berishni soddalashtirishga, sohada tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida taʼkidlaganidek, mazkur Qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirishga, mazkur sohadagi vakolatli organlarning vakolatlarini belgilash hamda davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Qonunda davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘sh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari bo‘yicha taqiqlar tatbiq etilmasligi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganida xaridorlarga to‘siqlarsiz rasmiylashtirib berilishi, yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini davlat ko‘chmas mulk obyektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan mazkur obyektlar uchun to‘langan mablag‘larga proporsional ravishda hisoblash kabi o‘zgartirishlar ham nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksining 9-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga asosan endilikda xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualarini va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalarini, savdo-ko‘ngilochar markazlarini master-reja asosida joylashtirish bo‘yicha bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida Vazirlar Mahkamasining qarori yer toifasini boshqa toifaga o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi.

Qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan ushbu Qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish orqali xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushini yana-da oshirish imkoniyatlarini yaratadi.

Mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling