Qobulda O‘zbekiston, Eron, Turkmaniston, Hindiston va Afg‘oniston tadbirkorlari uchrashdi
Qobulda O‘zbekiston, Eron, Turkmaniston, Hindiston va Afg‘oniston tadbirkorlari uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 17-23 noyabr kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbarligidagi 100 ga yaqin ishbilarmonlar delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘oniston Islom Amirligida bo‘lib turibdi.
18 noyabr kuni Qobul shahrida “Imom Abu Hanifa — 4-milliy va xalqaro ko‘rgazma va savdo yarmarkasi” doirasida tashrif buyurgan xorijiy davlatlar va Afg‘oniston xususiy sektor vakillarining biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Afg‘onistondan 130 nafar, O‘zbekistondan 80 nafar, Erondan 30 nafar, Hindistondan 20 dan ortiq va Turkmanistondan 10 nafar tadbirkor ishtirok etdi.
Uchrashuvlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika, energetika va maishiy texnika kabi yo‘nalishlarda tashkil etildi.
“Biznes hamkorlarni topish bo‘yicha konferensiya”ning ochilish marosimida Afg‘oniston savdo va sanoat vaziri Nuriddin Aziziy, shuningdek, Afg‘oniston va qator davlatlar palata rahbarlari ishtirok etdi.
B2B formatida o‘tgan muzokaralar davomida savdo hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, investitsiyaviy tashabbuslarni ilgari surish hamda Afg‘oniston bozorida eksport imkoniyatlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar 36,05 million AQSH dollarlik dastlabki kelishuvlarga erishishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi o‘rtasida ikki mamlakat hududida “Savdo uylari”ni tashkil etish va Palata vakolatxonalarini ochish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ko‘rgazma doirasidagi uchrashuv va muzokaralar izchil davom etmoqda.