Valyuta kurslari 08/05/2025
$1 – 12910.15
UZS – -0,11%
€1 – 14660.77
UZS – 0,27%
₽1 – 159.78
UZS – -0,1%
Qidirish
O‘zbekiston 25/04/2025 Qizamiq kasalligining oldini olish bo‘yicha choralar muhokama qilindi

Qizamiq kasalligining oldini olish bo‘yicha choralar muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Xalqaro immunizatsiya haftaligi doirasida “Qizamiq kasalligining oshishi sabablari, oldini olish choralari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida senatorlar, soha mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabariga ko‘ra 2024-yilda Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanishga oid 127 mingdan ortiq holat qayd etilgani va ushbu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘p ekani, bu 1997-yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichga aylangani qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda qizamiqqa qarshi emlash Milliy emlash kalendari asosida amalga oshiriladi va 2024 yilda emlangan bolalar qamrovi 99,3 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, respublika hududlarining ayrimlarida qizamiq bilan kasallanish holatlari qayd etilgani aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini yana-da kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar tomonidan qizamiq kasalligining oldini olishda bolalarni vaqtida va to‘liq emlash eng samarali chora ekani alohida taʼkidlandi. Jumladan, qizamiq, qizilcha va tepkiga qarshi bola birinchi marta 12–15 oyligida, ikkinchi marta bolalar bog‘chasiga borishidan oldin, yaʼni 4–6 yoshda emlanishi lozimligi taʼkidlandi. Targ‘ibot tadbirlarida “mahalla yettiligi” va butun jamoatchilik birgalikda ishtirok etishi lozimligi taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlar davlat qizamiq kasalligiga qarshi vaksina bilan uzluksiz taʼminlayotganini, qizamiq kasalligini davolash jarayonlari zamonaviy davolash protokollari orqali amalga oshirilayotganini eʼtirof etishdi.

Davra suhbati yakunida senatorlar va mutaxassislar tomonidan mamlakatimizda qizamiqning tarqalishiga barham berish hamda O‘zbekistonni qizamiqdan xoli hudud sifatida tiklash bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling