Valyuta kurslari 04/09/2025
$1 – 12374.55
UZS – -0,39%
€1 – 14425.01
UZS – -0,23%
₽1 – 153.13
UZS – -0,76%
Qidirish
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i yengillashtiriladi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i yengillashtiriladi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i yengillashtiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda bu soha tarkibiy jihatdan isloh qilinib, samaradorlikni oshirish choralari ko‘rildi. Paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratildi. 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etildi. 1 milliard dollarlik 1 ming 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.

Lekin qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foizni tashkil etmoqda.

Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgan edi. Davlatimiz rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma bergandi.     

Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, kelasi yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi.

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.

Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 milliard so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.

Umuman, bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki beradi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga mustahkam zamin yaratadi.

Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling