Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi takomillashtiriladi
Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida (Universitet) o‘qish quyidagi shakllarda tashkil etiladi: dual taʼlim asosida 6 oy muddatga nazariy taʼlimdan ajralgan va joyiga chiqqan holda tashkil etiladigan malakaviy amaliyot va qolgan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida yil davomida nazariy taʼlim bilan birga to‘liq uyg‘unlashtirgan “4+2” shakldagi amaliyot.
2026 yil 1 maydan: Universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Bunda yetakchi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi hisoblanadi va talabalarning sayyor darslari qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar va hududlardagi “Suvchilar maktabi” bazasida tashkil etiladi.
Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi (Loyiha ofisi) tashkil etiladi.
Universitet huzurida 2026/2027 o‘quv yilidan mahalliy va xorijiy talabalar uchun akademik fanlar bo‘yicha (STEAM, til bilimlari, akademik yozish va milliy strategik mezonlar) maxsus tayyorlov kursi tashkil etiladi. Bunda: maxsus tayyorlov kursida o‘qish bir yil muddatga xalqaro standartlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar (tayyorlov kursidagi o‘qish davri yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)” bo‘lgan bitiruvchilar) Universitetga imtihon asosida to‘lov-kontrakt bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Universitetga “texnikum–oliygoh” tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi (Texnikum) biriktiriladi. Texnikum binosida Universitet tarkibiga kiruvchi Umummuhandislik fakulteti tashkil etiladi.
Universitetdagi “Suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligi “Xalqaro suv diplomatiyasi” mutaxassisligiga o‘zgartiriladi.
“Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligi bitiruvchilariga “Xalqaro suv munosabatlari sohasida mutaxassis” kvalifikatsiyasi beriladi.