Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan 5,7 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari to‘xtatib qolindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tovar-moddiy boyliklar kontrabandasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro qirg‘izistonlik shaxs tomonidan aylanma yo‘llar orqali “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasidan noqonuniy ravishda mamlakatimizga o‘tkazib berilgan katta miqdordagi zargarlik buyumlarini qabul qilib oladi.
So‘ngra moddiy manfaat evaziga, ularni Farg‘ona shahrida kutib turgan Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi, 1997 y.t. fuqaroga yetkazib bergan vaqtida, ularning ikkalasi ham qo‘lga olindi.
Tilladan yasalgan ushbu zargarlik buyumlarining jami og‘irligi 5 kg. 706 gr.ni tashkil qilib, dastlabki umumiy qiymati 5 mlrd 746 mln so‘mga teng.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.