Qirg‘izistondan narkotik moddalar olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh aʼzolari qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1984–1991 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 6 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, qirg‘izistonlik narkosavdogardan 2 kg “gashish” moddasini 15.000 AQSH dollariga sotib olishga kelishishadi va ushbu maqsadda 1950 AQSH dollarini boshlang‘ich badal sifatida unga yetkazib berishadi.
🇺🇿🇰🇬O‘z navbatida Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi giyohvandlik vositasini o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib, Xonobod shahridagi xufiya joyda qoldiradi.
Qo‘rg‘ontepalik og‘ufurushlardan biri esa ushbu zahri qotilni olib, o‘zining avtomashinasida Xonobod-Qo‘rg‘ontepa yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruhning qolgan 5 nafar aʼzosi ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu “gashish” giyohvandlik vositasining sof og‘irligi 1 kg 954 gr.ni tashkil qildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.