Qibray tumani hokimining yordamchisi 10 ming AQSH dollari bilan ushlandi
Qibray tumani hokimining yordamchisi 10 ming AQSH dollari bilan ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda Qibray tumani hokimining yordamchisi tomonidan noqonuniy boyishga urinish holatini bartaraf etdi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga masʼul bo‘lgan mansabdor shaxs mahallalardan birida o‘tkazilgan fuqarolar yig‘ini davomida davlat mulki hisoblangan, mahalla yaqinida joylashgan to‘rt sotix yer uchastkasini xususiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.