Qatar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari va IT-mutaxassislarni ishga jalb etishni rejalashtirmoqda
Qatar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari va IT-mutaxassislarni ishga jalb etishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil boshida Migratsiya agentligi va Qatarning yirik davlat rekruting kompaniyasi “Jusour” o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan edi.
Kelishuv ijrosi doirasida “Jusour” kompaniyasi bosh direktori Abdulxadi Baxit Barkan O‘zbekistonga keldi va Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev bilan Qatarga O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb qilish jarayonlarini yana-da soddalashtirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Qatarda:
— hamshiralik, qurilish, IT va telekomunikatsiya sohalariga yuqori talab mavjudligi,
— jarroh mutaxassislarga “Golden Visa” taqdim etilishi alohida qayd etildi.
Shuningdek, Qatarning “Tawzeef” raqamli platformasini Migratsiya agentligining xorijdaish.uz platformasiga integratsiyalashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda DUTY-FREE savdo tarmog‘i hamda Qatar Airways kompaniyasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha Migratsiya agentligi tomonidan eʼlonlar joylashtirilib, nomzodlar rezyumelari “Tawzeef” platformasiga yuklandi. Ish beruvchilar tanlagan nomzodlar hozirda suhbat bosqichida.
Mehmonlar Migratsiya agentligining mutaxassislarni xorijda ishlashga tayyorlash bo‘yicha amaldagi tajribasini yuqori baholab, ushbu yondashuv Qatar uchun ham samarali bo‘lishini taʼkidladi.