Qatar biznes-delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov Qatar Savdo palatasi raisi sheyx Xalifa ben Jassim ben Muhammad Al Tani bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qatarning importi asosan qurilmalar, elektr va elektron uskunalar, avtomobillar, temir va po‘lat mahsulotlari, shuningdek, havo va kosmik apparatlardan tashkil topadi. Bundan tashqari, mamlakat harbiy qurol-aslahalar, qimmatbaho toshlar va metalllar, farmatsevtika mahsulotlari import qilinishini ham ustuvor yo‘nalish deb biladi.
Uchrashuv davomida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, biznes kooperatsiyani rivojlantirish va delegatsiyalar tashriflarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbek-qatar Biznes kengashi 2023 yil 1 oktyabrda Doxa shahrida tashkil etilgan. Uning faoliyati ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan.
Uchrashuv natijasida Qatarlik importchilar delegatsiyasining joriy yilda O‘zbekistonga tashrifi hamda O‘zbek-qatar Biznes kengashi yig‘ilishi o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.