Qanot Sharq birinchi Airbus A321XLR samolyotini qabul qildi
Qanot Sharq birinchi Airbus A321XLR samolyotini qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonning yetakchi xususiy aviakompaniyalaridan biri Qanot Sharq Air Lease (NYSE: AL) bilan tuzilgan uzoq muddatli lizing kelishuvi doirasida toʻrtta A321XLR samolyotidan birinchisini qabul qildi.
Shu tariqa, Qanot Sharq Markaziy Osiyo va MDH hududida A321XLRdan foydalanishni boshlagan birinchi aviakompaniya bo‘ldi. Bu kompaniyaning havo parkini yangilash, xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, shuningdek, Osiyodagi muhim bozorlar — Sanya va Pusan yo‘nalishlari, shuningdek Nyu-Yorkka (Budapesht orqali) yangi reyslar ochishga intilayotganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarish Qanot Sharqning Osiyo–Tinch okeani mintaqasi va Yevropa o‘rtasidagi havo aloqalarini sezilarli darajada mustahkamlaydi.
CFM LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan yangi samolyot ikki klassli konfiguratsiyada 190 o'rindiqqa ega: 16 ta to‘liq yotqiziladigan biznes-klass o‘rinlari va 174 ta iqtisodiy klass o‘rinlari. Airbus Airspace kabinasi yo‘lovchilar hamda ekipaj uchun yuqori darajadagi qulaylikni taqdim etadi. Unda zamonaviy yorug‘lik tizimi, avvalgi avlod samolyotlariga nisbatan 60% ko‘proq qo‘l yuki sig‘adigan XL hajmdagi yuk javonlari mavjud. Barcha yo‘lovchilar shaxsiy elektron qurilmalarini bort xizmatlariga ulash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
A320neo oilasining ushbu yangi evolyutsion modeli bozor talablariga mos bo‘lib, aviakompaniyalar uchun qo‘shimcha afzalliklar yaratadi — parvoz masofasining oshishi va tijoriy yuk ko‘tarish imkoniyatining kengayishi shular jumlasidan. A321XLR 4 700 dengiz mili masofagacha uchishi mumkin, bu A321LRga nisbatan 15% ko‘proq. Shuningdek, avvalgi avloddagi raqobatchilarga qaraganda har bir o‘ringa 30% kamroq yonilg‘i sarfi, pastroq NOx chiqindilari va past shovqin darajasini ta’minlaydi. Airbus ushbu model uchun hozirga qadar 500 dan ortiq buyurtma olgan.
Airbusning barcha samolyotlari kabi, A321XLR ham tarkibida 50% gacha SAF (barqaror aviayoqilg‘i) bo‘lgan yoqilg‘ida parvoz qila oladi. Airbus o‘z samolyotlarining SAF bilan 100% mosligini 2030 yilgacha ta’minlashni maqsad qilgan.