Qamchiq dovonida yengil avtomobil xandaqqa tushib ketdi, haydovchi qutqarildi
Qamchiq dovonida yengil avtomobil xandaqqa tushib ketdi, haydovchi qutqarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qamchiq dovonida Nexia 2 rusumli yengil avtomobil xandaqqa tushib ketdi. Avtomobilni chiqarib olish uchun qutqaruvchilar yordami talab etildi. Yaxshiyamki, yo‘l-transport hodisasi oqibatida hech kim jabrlanmadi.
FVV matbuot xizmati maʼlum qilishicha, hodisa 16 yanvar kuni soat 22:02 da sodir bo‘lgan. Toshkentdan Farg‘ona vodiysi tomon harakatlanayotgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l qismidan chiqib ketgan.
Qamchiq dovonidagi FVV maxsus boshqarmasi qutqaruvchilari hodisa joyiga tezkor yetib borib, maxsus texnika yordamida avtomobilni xavfsiz hududga evakuatsiya qildi.
Dovonda ob-havo sharoiti hanuz murakkabligicha qolmoqda.
17 yanvar tongi holatiga ko‘ra, yo‘lda ko‘rish masofasi taxminan 500 metrni tashkil etgan tuman saqlanib qolgan, yuqori uchastkalarda esa qor yog‘ishi davom etmoqda.
Yo‘l xizmatlari va qutqaruvchilar haydovchilarni ushbu uchastkani bosib o‘tishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga va xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirmoqda.