Valyuta kurslari 28/01/2026
$1 – 12128.02
UZS – 0,25%
€1 – 14419.00
UZS – 0,46%
₽1 – 158.52
UZS – -0,08%
Qidirish
Prezidentimiz Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi

Prezidentimiz Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi

Prezidentimiz Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qoʻriqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda aholining tinch va osoyishta hayoti hamda mol-mulki daxlsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, ilgʻor xorijiy tajriba asosida zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamentiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri ham aynan shu sanaladi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yildagi tegishli farmon va qarori ijrosi doirasida Qoʻriqlash departamenti Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlari tizimiga oʻtkazildi.

Ushbu farmon va qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida aniq rejalar ishlab chiqilib, tegishli choralar koʻrildi.

Texnik qoʻriqlashni tashkil etish va aholiga texnik qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatishning yangi tizimlari joriy etildi.

Xususan, koʻp qavatli uylarning yoʻlaklariga “tashvish” tugmalarini oʻrnatish orqali qoʻriqlash naryadlarining qamrovi ostidagi xonadonlar soni keskin oshirildi, himoya orderi berilgan ayollarning xavfsizligini taʼminlash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Obyekt va xonadonlarni qoʻriqlovga olish ishlarida ichki ishlar organlarining tegishli xizmatlari bilan hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Natijada qoʻriqlanayotgan obyektlarning soni yil davomida 99 foizga, qoʻriqdagi xonadonlarning soni esa 118 foizga oshdi. Texnik qoʻriqlash markazlarining soni 19, ularga xizmat koʻrsatuvchi tezkor harakatlanuvchi guruhlarning soni esa 15 foizga oshdi.

Davlatimiz rahbari xizmat binosi hovlisida xizmatda qoʻllanilayotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri, jamoat tartibini saqlashga jalb etiladigan transport vositalarini koʻzdan kechirdi.

Soʻng qoʻriqlash texnika vositalarining koʻrgazmali taqdimoti bilan tanishildi. Bu yerda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berildi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yildagi tegishli qarori bilan belgilangan aniq mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi natijasida respublika miqyosida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Koʻrgazma maydonchasida yuridik va jismoniy shaxslarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oʻrnatilgan videokuzatuv tizimlari hamda turli xil kameralarning real vaqtda ishlash jarayoni namoyish etildi, ularning texnik imkoniyatlari tushuntirildi va amaliy tavsiyalar berildi.

Taqdimot doirasida aylanma kameralar, yuz qiyofasidan shaxsni aniqlovchi kameralar hamda davlat raqam belgisini aniqlovchi kameralarning imkoniyatlari koʻrsatildi. Ushbu texnik vositalar mahallalar, jamoat joylari, obyektlar, taʼlim muassasalari, shuningdek, shahar va tumanlarning kirish-chiqish nuqtalariga oʻrnatilmoqda.

Bugungi kunda barcha hududiy ichki ishlar boshqarmalarida sunʼiy intellekt asosida hududlarni onlayn kuzatish, tezkor qidiruv ishlarini olib borish, kuch va vositalarni boshqarish hamda jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishga xizmat qiluvchi “Qalqon” axborot tizimi toʻliq ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbari ichki ishlar va qoʻriqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlarning holatini oʻrganib, ularning xavfsizligini taʼminlashi zarurligini alohida taʼkidladi. Toshkent megapolis shahar ekanini inobatga olgan holda, qonunbuzarlik va jinoyat omillarini muntazam tahlil qilish kerakligiga eʼtibor qaratdi.

“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida yagona platforma, 13 ta maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, yagona elektron xarita, 42 ming 750 ta intellektual kamera hamda 17 ta yongʻin xavfsizligi monitoringi tizimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tizimlar konsepsiyaning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi.

Joriy yilda ham vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda intellektual transport tizimlari, avtoturargohlarni boshqarish, ekologik va seysmologik monitoring, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish tizimlarini joriy etish va integratsiyalash ishlari davom ettirilayotgani maʼlum qilindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlarining “Xavfsiz shahar” yagona platformasi texnik imkoniyatlaridan uygʻun foydalanishi natijasida bir necha yuz milliard soʻm budjet mablagʻlari tejalayotgani qayd etildi. “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro darajada ham katta qiziqish uygʻotayotgani maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, yaratilgan shart-sharoitlar natijasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Raqamlashtirish departamenti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino qurilishi boshlangani maʼlum qilindi. Yil yakuniga qadar tarmoq qamrovini yanada kengaytirish, sunʼiy intellekt asosida kamida toʻrtta yangi tizimni platformaga ulash hamda raqamlashtirish darajasini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz hozirgi kunda jinoyatchilik shakllari va omillari oʻzgarayotgani, ammo ularga mos tizim va choralar yetarli emasligini qayd etdi. Ayniqsa, kiberxavfsizlik yoʻnalishida jinoyatlar koʻpayib borayotgani va ushbu xavflarni bartaraf etish boʻyicha ishlar jadallashtirilmasa, aholi uchun jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligini taʼkidladi.

Bu borada salohiyatli kadrlar yetishmasligi asosiy muammo ekani, bank va ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularni muntazam oʻqitishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi. Shuningdek, videokuzatuv tizimlarini joriy etishda ularni oʻrnatadigan va samarali boshqaradigan mutaxassislarni tayyorlash, davriy oʻquvlarni tashkil etish muhim ekanini taʼkidladi.

Shundan soʻng Toshkent shahrida tashkil etilgan “Xavfsiz koʻcha”, “Xavfsiz yoʻlak” hamda gastronomik yoʻlaklarda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishildi.

Tashrif davomida qoʻriqlash xizmati xodimlarini soha boʻyicha oʻqitish jarayoni, profilaktika inspektorlari bilan oʻtkazilayotgan amaliy mashgʻulotlar koʻzdan kechirildi.

Davlatimiz rahbariga situatsion markaz faoliyati taqdimoti orqali xavfsizlikni taʼminlashda zamonaviy boshqaruv va monitoring tizimlarining oʻrni haqida maʼlumot berildi.

Situatsion markaz qoʻriqlash xizmatining boʻlinmalari harakatlarini nazorat qilish, monitoringini yuritish, tezkor va favqulodda vaziyatlarda qoʻriqlash xizmati kuch-vositalarini boshqarish, yoʻnaltirish va onlayn kuzatish maqsadida tashkil etilgan.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling