Prezidentimiz Sho‘rariq mahallasini Namangan viloyatining namunaviy shaharchasiga aylantirish bo‘yicha topshiriq berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida davlatimiz rahbari Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kirdi.
Mahallaning sharoiti og‘ir. Ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va lotoklar yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.
Aslida, tumanlararo yo‘l bo‘yida joylashgan mahallada tadbirkorlik, savdo va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyat ko‘p. Bo‘sh turgan binolarni davlat-xususiy sheriklik asosida quvvatga kiritish mumkin.
Prezidentimiz hududdagi muammolar bo‘yicha aholi fikrlarini eshitdi.
– Endi bu mahallani tubdan o‘zgartirib, “Yangi O‘zbekiston” nafasini olib kiramiz. Ko‘chalar obod qilinib, qiyofasi yangilanadi. Odamlarning yashashi, sayr qilib, bolalari bilan dam olishi uchun munosib sharoitlar bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Jumladan, unga shahar muhitini olib kirish va tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. U asosida joylar tayyor loyiha va infratuzilma bilan tashabbuskorlarga taklif etiladi. Natijada mahallaning salohiyati oshib, atrofdagi 5 ta mahalla uchun markazga aylanadi.
Zamonaviy mahalla guzari va sayilgoh barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil qilinadi. Maktab va bog‘chalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlanadi. Ko‘chalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar o‘z uylarini tartibga keltiradi.
Umuman, butun mamlakatimizda quyi tizimda ishlarni “jonlantirish” bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani aytildi. Tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun budjetdan jami 5 trillion so‘m ajratiladi. Jumladan, Namanganda Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan yo‘naltirilib, ularni mehnatda namunali, hayoti farovon, tadbirkorlikda yetakchi hududga aylantirish choralari ko‘riladi.
#Shavkat Mirziyoyev