Valyuta kurslari 17/09/2025
$1 – 12285.16
UZS – -0,48%
€1 – 14514.92
UZS – 0,09%
₽1 – 148.62
UZS – -0,72%
Qidirish
Prezidentimiz “Iftixor kiyim sanoat” tekstil klasteriga qarashli yangi korxonada bo‘ldi

Prezidentimiz “Iftixor kiyim sanoat” tekstil klasteriga qarashli yangi korxonada bo‘ldi

Prezidentimiz “Iftixor kiyim sanoat” tekstil klasteriga qarashli yangi korxonada bo‘ldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Iftixor kiyim sanoat” klasterining yangi korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Namangan to‘qimachilik bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi. Viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi shu sohaga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda 2 ming 500 ga yaqin to‘qimachilik korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 250 ga yaqin brendlar ostida mahsulot tayyorlab, yuz mingdan ortiq insonni yuqori daromad bilan ta’minlayapti.

Sanoat rivojiga qo‘shimcha sharoit yaratish maqsadida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi To‘raqo‘rg‘on tumaniga kengaytirilgan edi. Yigirmaga yaqin loyiha qatorida bu yerda “Iftixor kiyim sanoat” klasterining yangi korxonasi ham barpo etildi.

13-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari to‘qimachilik korxonalarining yirik brendlar bilan hamkorligi masalasiga alohida urg‘u bergan edi. “Iftixor kiyim sanoat”da shunday tizim yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda “Bugatti”, “Pierre Cardin”, “Roy Robson”, “Baldessarini”, “Lavard”, “Jake'S”, “Engbers”, “Cinque”, “Walbusch” kabi mashhur brendlar buyurtmalariga ko‘ra mahsulot tayyorlanmoqda. Namanganda tikilgan kiyimlar Yevropa do‘konlarida sotilmoqda.

Bundan tashqari, “Mercedes-Benz”, “BMW”, “Rolls-Royce” kabi avtomobillar uchun o‘rindiq matolari ham ishlab chiqarilmoqda. Mazkur yo‘nalishda u mintaqamizda yagona korxona hisoblanadi. Umuman, korxona yigirmaga yaqin xorijiy brendlar bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Yangi loyihaning umumiy qiymati 198 million dollar bo‘lib, mablag‘lar asosan qurilish ishlari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga yo‘naltirildi. Zamonaviy inshootlar barpo etildi, maxsus laboratoriya tashkil qilindi. Germaniya, Italiya, Turkiya va Polsha kabi to‘qimachilikda yetakchi mamlakatlardan keltirilgan energiya tejamkor uskunalar ish unumdorligini oshirdi. Korxonadagi zamonaviy laboratoriya sifat nazoratini ta’minlash va nufuzli brendlar ishonchini qozonishda muhim o‘rin tutmoqda.

Dastlab oddiy tikuvchilik sexi sifatida ish boshlagan “Iftixor kiyim sanoat” bugun paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirayotgan yirik klasterga aylandi. Sifat bo‘yicha qat’iy talablar uni xalqaro bozorga olib chiqdi.  

Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashdi.

Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 100 million dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Bu orqali 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, davlat budjetiga esa yiliga salmoqli soliq tushumlari qo‘shiladi. Xalqaro brendlar bilan hamkorlik mahsulotga kafolatli bozor, katta valyuta tushumlari va yangi ish o‘rinlarini ta’minlaydi. 

Bu yerga Namanganda o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining xorijiy mehmonlari ham tashrif buyurdi. Milliy hamda xorijiy brendlar uchun tikilgan tayyor kiyimlar, shuningdek, oziq-ovqat, charm, qurilish materiallari, farmatsevtika tarmoqlaridagi mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan sharoitlar, milliy mahsulotlarimiz turi va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga Namangan viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar haqida axborot berildi. Xususan, shaharsozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, turizm, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda 252 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga investor va tadbirkorlar uchun barcha qulayliklarni yaratib, loyihalarni jadallashtirish, ko‘proq ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling